MENU
eksport-import milliy sug’urta kompaniyasi

Ko'p so'ralgan savollar

1. Transport vositasini ixtiyoriy sug'urtasi uchun (KASKO) necha pul to'lanadi?

Avtotransport vositasi sug'urtasi (KASKO) bahosi bir qancha omillarga bog'liq:

- transport vositasi bahosi;

- haydovchilar stajlari;

- tanlangan xatarlar;

- sug'urtalanayotgan transportlar soni;

- transport vositasining saqlanish va xavfsizlik sharoitlari;

- transport vositasining turi va foydalanish sohalari;

- franshizaning qo'llanishi;

- foydalaniladigan geografik zonalar.

2. Transport vositasini sug'urtalash(KASKO) uchun qaysi hujjatlar taqdim qilinishi kerak?

Transport vositasini sug'urta qilish shartnomasi tuzish uchun quyidagi hujjatlar zarur:

- sug'urta qildiruvchi pasporti;

- transport vositasining texnik pasporti va boshqalar;

3. II guruh nogironi sug'urta qilishda qanday yangiliklar bor. Lacetti mashinasi sug'urta qilish uchun qancha mablag' kerak bo'ladi. Shu tug'risida ma'lumot berishingiz?

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 24 iyundagi 141-sonli qarorining 4-ilovasi “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish qoidalari”ning III Bo'lim 33-bandiga muvofiq nogironlarga majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha o'ziga tegishli bo'lgan bitta transport vositasi bo'yicha sug'urta mukofotini to'lashda sug'urta qildiruvchilarga sug'urta mukofoti summasining 50 foizi miqdorida siylov (chegirma) beriladi. Shuningdek, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtasi bo'yicha avtotransport vositasi sug'urta qilinmaydi balki, transport vositalari egalari va transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo'lgan shaxslarning uchinchi shaxs oldidagi javobgarligi sug'urta qilinadi.

4. Men otamni yengil avtosini ishonchnoma bilan minib yuribman, majburiy sug'urta qilingan, avtomobilni bozorni yonida turganida qandaydir avtomobil mashinamizni orqa o'ng qanotiga shikast yetkazib ketibdi, qanot ta'miri uchun sug'urta mablag'i beriladimi?

Sizning murojaatingizga binoan YTHda javobgar shaxsning noma'lumligini inobatga olgan holda siz To'lovlarni kafolatlash jamg'armasidan kompensatsiya to'lovlarini olishingiz mumkin. (“Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida” gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga asosan jabrlanuvchining hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash hisobiga kompensatsiya to'lovi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urta to'lovi quyidagilar oqibatida to'lanishi mumkin bo'lmagan hollarda amalga oshiriladi:

– sug'urtalovchiga nisbatan bankrotlik tartib-taomili qo'llanilganligi;

– jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxsning noma'lumligi;

– transport vositasi uni g'ayriqonuniy yo'l bilan, egallab olgan shaxs tomonidan foydalanilganligi natijasida zarar yetkazilganligi;

– foydalanilayotganda zarar yetkazgan transport vositasining egasi o'z fuqarolik javobgarligini sug'urta qilish bo'yicha majburiyatini bajarmaganligi.)

To'lovlarni kafolatlash jamg'armasining manzili:

Manzil: 100017, Toshkent sh., Qodiriy k, 2-uy;

Telefon: (+998 71) 235-78-01;

Faks: (+998 71) 235-94-09;

Elektron manzil:

office@uzbekinvest.uz

www.uzbekinvest.uz

5. Sug'urtalash vaqtida transport vositasi qay tarzda baholanadi?

Transport vositasini uning haqiqiy (sug'urta) bahosidan oshmagan summada sug'urtalash mumkin. Yangi transport vositasining haqiqiy bahosi, sotuvchi tashkilotning transport vositasi sotilish vaqtida bergan ma'lumotnoma-hisobi asosida yoki savdo tashkilotlarining o'rtacha chakana narxlari asosida aniqlanadi.

Foyladanishda bo'lgan transport vositalarining bahosi sug'urtalovchi (mijoz) bilan kelishgan holda transport vositasining ishlab chiqarilgan yili va texnik holatidan kelib chiqib, sug'urta kompaniyasi eksperti tomonidan belgilanadi.

6. Avtomobil ixtiyoriy sug'urtasida (KASKO) qaysi xatarlardan yetkaziladigan zararlar qoplanadi?

- yo'l - transport hodisasi (YTH);

- yong'in, portlash;

- predmetlar urilishi/tushishi;

- suv toshqini, bo'ron, to'fon, kuchli yomg'ir, do'l, ko'p qor yog'ishi, ko'chki, o'pirilish, sel, yashin urishi, yer qimirlashi;

- uchinchi shaxslarning transport vositasiga nisbatan noqonuniy harakati;

- transport vositasining o'g'irlanishi, yo'qolishi.

7. Transport vositasi o'g'limning nomida, sug'urta polisiga mening familiyamni xam (ishonchnomasiz) qo'shsa bo'ladimi? Agar “xa” bo'lsa qaysi xujjatga asosan?

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 24 iyundagi 141-sonli qarorining 4-ilovasi “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish qoidalari”ning 12-bandi b) xatboshiga muvofiq majburiy sug'urta shartnomasini tuzish uchun sug'urta qildiruvchi sug'urtalovchiga ushbu qoidalarga muvofiq shakl bo'yicha ariza-anketada ko'rsatilgan majburiy sug'urta shartnomasini tuzish to'g'risidagi ariza-anketani har bir transport vositasi bo'yicha taqdim etadi, unga quyidagi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi: v) transport vositasini boshqarishga berilgan ishonchnoma yoxud ushbu transport vositasiga egalik huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjat — agar majburiy sug'urta shartnomasi transport vositasini boshqarishga faqat muayyan shaxslargina boshqarishga qo'yilishi sharti bilan tuzilgan bo'lsa (transport vositasini boshqarishga qo'yilgan barcha shaxslar uchun, transport vositasi egasidan tashqari)

8. Yaqinda to'xtash joyida mashinamni notanish avto urib qochib ketdi. Shunday holatda menga tovon to'lanadimi?

Sizning murojaatingizga binoan YTHda javobgar shaxsning noma'lumligini inobatga olgan holda siz To'lovlarni kafolatlash jamg'armasidan kompensasiya to'lovlarini olishingiz mumkin. (“Transport vositalari egalarining fuqaroiliq javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida” gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga asosan jabrlanuvchining hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash hisobiga kompensatsiya to'lovi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urta to'lovi quyidagilar oqibatida to'lanishi mumkin bo'lmagan hollarda amalga oshiriladi:

9. Ba'zan kuchli shamoldan singan daraxt shoxi avtotransport vositasining ustiga qulab, jiddiy zarar yetkazadi. Bunday holda mashina egasiga sug'urta puli qoplab beriladimi? Umuman, qanday hollarda sug'urta himoyasi taqdim etiladi?

Avtotransport vositasi ixtiyoriy sug'urta turi bo'yicha sug'urtalangan taqdirdagina unga zarar yetkazilganda sug'urta puli (polisda ko'rsatilgan), sug'urta tashkilotining majburiyati doirasida qoplanadi. Umuman, avtotransport vositalari ixtiyoriy sug'urta qilish turi bo'yicha barcha qaltisliklardan sug'urtalanishi mumkin. Jumladan, yo'l-transport hodisasi, tabiiy ofatlar, jismlarning tegishi yoki qulashidan, uchinchi shaxsning noqonuniy xatti-harakatlari kabilardan sug'urtalanib, ularning sodir bo'lishi natijasida zarar yetganda sug'urta himoyasi taqdim etiladi.

10. Mashinaga sug'urta puli undirilishi bir yilda necha marta amalga oshiriladi? Avtotransport YTHga bir necha marta uchrasa, yetkazilgan zarar undirib beriladimi?

Sug'urtalangan avtotransport vositasi bilan bir yilda necha marta sug'urta hodisasi sodir bo'lishidan qat'i nazar, (sug'urta hodisasi tan olinganda) sug'urta qoplamasi bir yilda bir necha marta to'lanishi mumkin. Sug'urta shartnomasi bir yilga tuzilishini inobatga olib, polisda ko'rsatilgan sug'urta puli doirasida o'rnatilgan tartibda sug'urta qoplamasi to'lanadi.

11. Deylik, mashinani noma'lum shaxs urib, qochib ketdi. Uni topishning iloji bo'lmadi. Shunday vaziyatda mashinaga tovon to'lanadimi?

Bunday hollarda darhol (agar avtotransport vositasi sug'urtalangan bo'lsa) sug'urta tashkilotini xabardor qilib, hodisa joyiga chaqirtiriladi. Bundan tashqari, voqea yuzasidan yo'l-transport harakati xavfsizligi inspeksiyasi xodimi, yaqin atrofdagi militsiya tayanch punkti xodimi, mahalla fuqarolar yig'ini vakili yoki atrofdagi betaraf shaxslar ishtirokida sug'urta hodisasi tasdiqlanib, dalolatnoma rasmiylashtiriladi (zararlangan avtotransport vositasi suratga olinadi) va ariza bilan sug'urta tashkilotiga murojaat qilinadi. Hujjatlar o'rnatilgan tartibda o'rganib chiqilgandan keyin, sug'urta qoplamasi to'lab beriladi.

11. Yuqumli kasalliklardan sug'urtalash xizmatidan sug'urtalanmoqchiman. Ushbu sug'urtaga qanday xastaliklar kiritilgan? Sug'urtalangan shaxs ularning biriga yo'liqqanda sug'urta pulini undirish uchun nima qilishi kerak? Qanday hujjatlar talab etiladi?

Ushbu sug'urta turi bo'yicha salmonellyoz, oziq-ovqatdagi stafilakokklardan zaharlanish, botulizm, birinchi marta tashxis qo'yilgan brusellyoz, bo'g'ma, meningokok infeksiyasi, qoqshol; kana virusidan bosh miyaning yallig'lanishi, A va B turdagi virusli gepatit, quturish, epidemik parotit (tepki), qizamiq, qizilcha, ko'kyo'tal, o'tkir poliomielit kasalliklari sug'urtaga olinadi.

Sug'urta hodisasi yuz berganda sug'urtalanuvchi sug'urta tashkilotini qisqa muddatda imkoni boricha har qanday shaklda xabardor qilishi va 30 kun mobaynida aniq tashxis va sug'urta hodisasi yuz bergan sana ko'rsatilgan yozma ariza taqdim etishi lozim.

Sug'urta summasini to'lash haqida talab qo'yilganda, davolash amalga oshirilgan tibbiyot muassasasining nomi ko'rsatilgan, to'lov talab qilingan ariza, belgilangan shaklda rasmiylashtirilgan aniq klinik tashxis va kasalxonaga joylashtirish sanasi aks ettirilgan kasallik tarixidan ko'chirma, sug'urta polisi, shaxsini tasdiqlovchi hujjat, sug'urtalangan shaxs halok bo'lgan hollarda sug'urta polisida naf oluvchi ko'rsatilmagan bo'lsa, meros huquqini tasdiqlovchi ma'lumotnoma kabi hujjatlarni taqdim etishi shart.

12. Mol-mulkni sug'urtalashga, bilishimcha, uydagi santexnika tizimlarining yorilishi ham kirar ekan. Bu menga ma'qul. Ammo savol tug'iladi: ko'p qavatli uyimiz shaxtasidagi santexnika tizimi juda eskirgan. Kun kelib trubalar yorilib, mulkiy zarar yetkazilsa, sug'urta tashkiloti trubaning o'zi shundoq ham yaroqsizligini bahona qilmaydimi?

Sug'urta tashkiloti ushbu masalada mol-mulkni o'rnatilgan tartibda sug'urtaga oladi. Sug'urta hodisasi ro'y berganda voqea tafsilotlari ko'rib chiqilib, sug'urta hodisasi bo'yicha dalolatnoma imzolanganidan so'ng sug'urta qoplamasi to'lanadi.

13. Stomatologik xizmatlar uchun xarajatlarni sug'urtalash polisini olmoqchiman. Lekin parodontopatiya kasalligi surunkali, davosi deyarli yo'q. Shuni inobatga olsak, ushbu kasallikka yo'liqqanlar tovon pulini qay tartibda oladi?

Ushbu kasallikni davolash uchun sarflangan xarajatlar belgilangan sug'urta puli doirasida stomatologiya tashkilotiga to'lab beriladi.

14. Uy-joyni sug'urtalashda uyning qiymatini belgilash nimaga asosan shakllantiriladi?

Bunda sug'urtalash vaqtidagi bozor narxlari hamda sug'urtalanuvchi va tashkilotning o'zaro kelishuvi asosida belgilanadi.

15. Baxtsiz hodisalardan sug'urtalash deganda, aynan qanday hodisalar nazarda tutiladi?

Baxtsiz hodisa deganda sug'urtalangan shaxsning irodasiga bog'liq bo'lmagan to'satdan, qisqa vaqt oralig'ida odam organizmiga tashqi ta'sir ko'rsatgan va travmatik jarohatga yoki sog'lig'iga boshqa zarar yetishiga olib kelgan voqea tushuniladi. Jumladan:

a) kuyish, yashin urishi yoki elektr toki ta'sirida tan jarohati olish;

b) kimyoviy (sanoat yoki maishiy) moddalardan zaharlanish va/yoki zaharli va/yoki kuydiradigan moddalar, bug' yoki gazdan nafas olish yoki ularga tegish natijasida zaharlanish, kuyish;

v) cho'kish, sovuq urishi, quyosh urishi, odam yoki hayvonlarning hujumi, narsalarning nafas yo'llariga to'satdan kirib qolishi, zaharli o'simliklardan zaharlanish, shuningdek, transport vositalari (avtomobil, poyezd, tramvay va boshqalar) falokatga uchraganda, mashinalar, mexanizmlar va turli asbob-uskunalardan foydalanganda olingan jarohatlar.

16. Sug'urta hodisasi sodir bo'lganda sug'urta tashkilotiga murojaat etish muddati ham bormi?

Sug'urta hodisasi ro'y berganda u sodir bo'lgan paytdan boshlab 30 sutkadan kechiktirmay sug'urta tashkilotiga uning sodir bo'lgani haqida xabardor qilish lozimligi sug'urta shartnomasida belgilab qo'yiladi.

17. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami uchun biron qo'shimcha qulaylik yoki imkoniyatlar ham taqdim etiladimi?

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj bo'lgan vakillariga sug'urta imtiyozlari beriladi. Jumladan, murojaat etgan shaxslarga sug'urta tariflari, ya'ni sug'urta uchun to'lovlar arzonlashtirib berilishi ko'zda tutilgan. Masalan, «Oilaviy tibbiy sug'urta» turida bitta sug'urta polisi bo'yicha barcha oila a'zolariga sug'urta himoyasi taqdim etiladi.

30.11.2016